Buymodaron shifobaxsh o’simlik

Buymodaron-oʻziga xos xidi boʻladigan koʻp yillik oʻtsimon oʻsimlik, boʻyi 80 sm gacha boradi. Deyarli shoxlanmaydigan ingichka-ingichka ildizlar va yer osti novdalari chiqadigan ildiz poyasi bor. Bu oʻsimlikning poyalari toʻgʻri oʻsadi, odatda toʻpguli yaqinidagina shohlaydi, sal qirrali boʻladi. Barglari aksari nashtarsimon, tukli, pastki barglari bandli, poyasining yuqoridagilari bir muncha mayda, deyarli bandsiz. Gullari oq, goho sal pushti, mayda, savatchasimon toʻpgullar xosil qiladi. Mevasi choʻzinchoq shaklda boʻladigan kumushsimon-kulrang tusli yassi urugʻli mevalar. Iyuldan sentabrgacha gullaydi, mevalari avgustdan yetila boshlaydi. Buymodaron tarkibida vitamin K va C, karotin, efi moyi, alkaloidlar, holin, asparagin, ftontsidlar, flavonoidlar, oshlovchi, achchiq va boshqa moddalar bor. Efir moyi tarkibida xamazulen, borneol, tuyon va boshqa terpenlar, murakkab efir hamda spirtlar bor.

Ta’siri va qoʻllanilishi: xalq tabobatida buymodaron oʻti va gullaridan tayyorlangan qaynatmalari qon toʻxtatuvchi, jarohatlarni bitiruvchi, isitma tushiruvchi vosita ta’riqasida, sil va me’da-ichak kasalliklarida qoʻllaniladi. Oʻrta Osiyo xalq tabobatida bu oʻtning gullaridan tayyorlangan qaynatmani gepatit, podagra, revmatizm, sil, astma kasalliklarida ishlatish, ishtaha ochadigan, siydik haydaydigan va qon toʻxtatadigan vosita tariqasida buyurish tavsiya etiladi. Ibn Sino bu oʻtdan tayyorlangan qaynatmalarni nafas qilishi, astma, radikulit, siydik-tosh kasalliklarida koʻp ishlatgan, xazmni oʻrniga tushiradigan vosita tariqasida qoʻllagan. Buymodaron buyrakdagi toshlarni maydalab chiqaradi, a’zolardagi tiqinlarni ochadi, bachadondagi yaralarni tuzatadi, bosh og’rig’ida, tumovda, bezgakda, qiynalib siyishda, ko’krak kasalliklarida yordam beradi. Xalq tabobatida o’simlikdan tayyorlangan damlama yoki qaynatma turli qon oqishlarda ( qon tupurish, qon aralash ich ketish, bavosil kasalligida ) qon to’xtatuvchi hamda ishtaha ochuvchi dori sifatida ishlatiladi. Bu preparatlar yana bosh og’rig’ini qoldiradi, siydik haydaydi hamda o’pka sili va meda kasalliklarida qo’llaniladi. Bulardan tashqari, buymodaron guli poroshogini asalga qorib yeyilsa, gijjani tushuradi.Damlama tayyorlash uchun og’zi yopiladigan idishga bir stakan qaynab turgan suv quyiladi va o’simlikning yer ustki qismidan bir osh qoshiq solib, 1 soat damlanadi. So’ngra dokada suziladi. Damlamadan kuniga 3 -4 mahal ovqatdan oldin bir osh qoshiqdan ichiladi.

Zamonaviy tabobatda: buymodaron o’simligidan tayyorlangan galen preparatlar silliq muskullarni tortishib, qisqarib turishini bartaraf etishi aniqlangan, shuning uchun og’riqlar kamayib, o’t ajralishi, peshob kuchayadi. O’simlikning bu xossalari tarkibidagi flavonoidlar va efir moylarga bog’liq. Unda achchiq moddalar borligi tufayli me’dadan shira ajralishi kuchayib, qorin dam bo’lishi kamayadi. Bu o’simlikda oshlovchi moddalar, efir moylari va boshqa moddalar borligidan, u yallig’lanish, allergiya, bakteriyalarga qarshi ta’sir ko’rsatadi, jarohatlarning tezroq bitib ketishiga yordam beradi. Buymodaron o’tining damlamasi yurak ishini sekinlashtirib, qon bosimini pasaytirishi hayvonlar ustidagi tajribalarda aniqlangan. Buymodaron o’tidan tayyorlangan damlama va suyuq ekstratni me’da yarasi, gastrit kasalliklarda ishtaha ochadigan vosita tariqasida buyuriladi, siydik yo’llari kasalliklarda yallig’lanishga qarshi, shuningdek qon to’xtatuvchi vosita sifatida ham ishlatiladi.